RASMIY AXBOROT
Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya (Parij, 2019-yil 25-noyabr) haqida:
⚡️Oʻzbekiston “Oliy taʼlim sohasida malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya”ni ratifikatsiya qilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu xabardan keyin mazkur konvensiyaning ahamiyati, mazkur Konvensiya asosida Rossiya, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qirgʻizistondagi oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan berilgan diplomlar Oʻzbekiston hududida nostrfikatsiyadan oʻtkazilmasdan amal qilishi haqida savollar kelib tushmoqda.
📍 Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy davlatlar tomonidan berilgan ta’lim olganlik to’g’risidagi diplomlarni tan olish Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-iyuldagi 620-son qarori bilan tasdiqlangan “Xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish tartibi haqida”gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi. Mazkur Nizom bilan Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻgʻridan toʻgʻri tan olinadigan xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar toifalari belgilangan.
Jumladan, Nizomning 7-bandi oʻninchi xatboshida Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar toʻgʻridan toʻgʻri (maxsus sinovlarsiz) tan olinishi belgilangan.
📌 Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiya YUNESKO shafeligida ishlab chiqilgan global ahamiyatga ega boʻlgan birinchi shartnoma hisoblanadi. Konvensiyaning 4-moddasida Konvensiyaning aʼzosi boʻlgan ishtirokchi davlat Konvensiyaning aʼzosi boʻlgan boshqa ishtirokchi davlatlarda egallangan va hujjatlar orqali tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyati ko’rsatilgan.
📌 Tan olish jarayoni har bir davlatning oʻz milliy qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilib, bunda ishtirokchi davlatlar boshqa davlatlarda egallangan oliy taʼlimga oid malaka (diplom)ni adolatli tarzda tan olishi lozim. Davlatlar taʼlim tizimi (standart) o‘rtasida muhim farqlar mavjud boʻlgandagina tan olish rad etilishi mumkin.
📊 Hozirgi kunda 38 ta davlat Global konvensiyaga a’zo hisoblanadi va 10 ga yaqin davlatlar Konvensiyaga aʼzo boʻlish jarayonini olib bormoqda.
⚡️Global konvensiyaga aʼzo (ishtirokchi) davlatlar ro’yxati:
✅ Yevropa mintaqasida (20 ta subyekt) — Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersogovina, Muqaddas Prestol, San-Marino, Lyuksemburg;
✅ Amerika mintaqasida (4 ta subyekt) — Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay;
✅ Afrika mintaqasida (7 ta subyekt) — Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Kabo Verde, Jibuti, Kotdivuar, Gvineya, Senegal;
✅ Osiyo mintaqasida (5 ta subyekt) — Yaponiya, Janubiy Koreya, Mugʻuliston, Yaman, Falastin;
✅ Avstraliya va Okeaniya mintaqasida (2 ta subyekt) — Avstraliya, Yangi Zelandiya.
📰 Konvensiyaning 18-moddasiga asosan unga aʼzo boʻlish har bir davlat YUNESKO kotibiyatiga mazkur Konvensiyaga aʼzo boʻlish haqida oʻz hujjatini taqdim etganidan keyin 3 oy oʻtgach amalga oshiriladi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqidagi Qonunning tasdiqlangani haqidagi yorliqni YUNESKO kotibiyatiga taqdim etgan vaqtdan boshlab 3 oy oʻtgach, Konvensiyaning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanadi.
🇺🇿 Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida Global konvensiyaga aʼzo boʻlgan ilk davlat boʻladi.
📍Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qayd etish kerakki, Global konvensiya doirasida faqatgina unga aʼzo boʻlgan davlatlar oʻrtasida oliy taʼlimga oid malaka (diplom)larni oʻzaro tan olish mexanizmlari qoʻllaniladi.
✔️ Agentlikning rasmiy sahifalari:
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube
